Chipta sotib olish

Ommaviy oferta

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK

ommaviy ofertasi

Mazkur Ommaviy oferta (keyingi o‘rinlarda - “Kelishuv” deb ataladi) “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning internet tarmog‘i vositasida va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK qatnovlariga on-layn bronlash, aviachiptalarni rasmiylashtirish va sotish yuzasidan xizmatlar ko‘rsatish, ushbu Kelishuvni tuzish uchun yuridik huquqqa ega istalgan jismoniy shaxsga nisbatan amal qiluvchi internet-banking xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha rasmiy taklifidir. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK ushbu ofertada belgilangan shartlarda interaktiv xizmatlarni ko‘rsatadi.

Kelishuv shartlari hech bir o‘zgarishlarsiz “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK terminlari va amaldagi Qoidalarida taklif etiladi.

1. ATAMALAR VA TA’RIFLAR.

1.1. Tashuvchi – “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi.

1.2. Mijoz – qonuniy huquqqa ega bo‘lgan (18 yoshdan oshgan), Tashuvchining saytida ko‘rsatilgan chiptalarni shaxsiy foydalanish uchun bronlash, rasmiylashtirish va sotib olish bilan bog‘liq bo‘lgan va tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmatlarni olish uchun buyurtma bergan shaxs.

1.3. Yo‘lovchi elektron chiptasi (keyingi o‘rinlarda - chipta) – Tashuvchi va Mijoz/yo‘lovchi o‘rtasidagi havo orqali tashuvlar shartnomasini tasdiqlovchi hujjat bo‘lib, unda Mijoz/yo‘lovchi va bagajni tashish to‘g‘risidagi axborotlar elektron shaklda taqdim etiladi.

1.4. Yo‘nalish kvitansiyasi – aviachiptaning elektron shakli bo‘lib, u tashish to‘g‘risidagi ma’lumotlar, yo‘lovchi to‘g‘risidagi to‘liq axborot, tashuv yo‘nalishi, tashuv uchun to‘lov shakli va tafsilotlari, yo‘lovchi elektron chiptasi raqami, bronlash identifikatori va h.k. larni o‘z ichiga oladi. Elektron chipta uni sotib olinganligining tasdig‘i sifatida, shuningdek xabardor qilish uchun Mijozga elektron ko‘rinishda yuboriladi

1.5. Bronlash tizimi – avtomatlashtirilgan bronlash tizimi, Tashuvchining parvozlar jadvali, aviaqatnovga joylarning mavjudligi, tariflar va ularni qo‘llash qoidalariga taalluqli axborotlarini, shuningdek aviatashuvchi tomonidan taklif etiladigan xizmatlarning boshqa shartlariga taalluqli axborotlarini o‘z ichiga oladi. Mazkur xizmatlarni bevosita yetkazib beruvchi tomonidan ushbu ma’lumotlar bronlash tizimida qanday taqdim etilgan bo‘lsa, aynan shunga muvofiq ravishda Saytga joylashtiriladi. Bronlash tizimi dinamik tizim bo‘lib, uning tarkibiy qismlari o‘zgartirilib yoki to‘ldirilib turilishi mumkin. Shuningdek, Tashuvchi bronlash tizimining muayyan maqsadda foydalanish uchun muvofiqligini, uning doimo ishlash uchun shay bo‘lishini, Tashuvchi mahsulotlarining ochiqligini, ularning uzilishlarsiz, o‘z vaqtida, himoya bilan ta’minlangan holda, bexato ishlashini, shuningdek uzatiladigan axborotning saqlanishi, to‘liqligi va bexatoligi, internet bilan bog‘lanishning mavjudligi va ma’lumotlarning internet orqali uzatilishini kafolatlamaydi.

1.6. Xodim – “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK yo‘lovchilariga xizmat ko‘rsatishda bevosita ishtirok etuvchi va/yoki Mijozning buyurtmasini ishlab chiqish paytida zarur texnologik amaliyotlarni bajaruvchi xodimi.

1.7. To‘lovni qabul qiluvchi provayder – “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK foydasiga to‘lovlarni qabul qiluvchi va to‘lov amalga oshirilayotgan paytda Tashuvchi bilan shunday to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha amaldagi Shartnomaga ega bo‘lgan tashqi tashkilot.

1.8. Yo‘lovchi/aviayo‘lovchi – jismoniy shaxs, Mijoz ushbu Kelishuvning shartlariga rioya etgan holda uning uchun aviachipta sotib olishga haqli, uning ushbu Kelishuvni tuzgan tomonlardan biri bo‘lishi shart emas.

1.9. Buyurtma – Saytdan tanlangan hamda Chiptani bron qilish va sotib olish bilan bog‘liq xizmatni kutilgan narxda va Tashuvchining amaldagi qoidalariga muvofiq olish uchun Mijoz tomonidan tegishlicha tarzda rasmiylashtirilgan so‘rovnoma.

1.10. Qoidalar - “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning tasdiqlangan Qoidalari, yo‘riqnomalari va boshqa normativ hujjatlari.

1.11. Sayt – “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK internet-resursi – www.uzairways.com, Mijoz Tashuvchining qoidalari bilan tanishishi jarayonini yengillashtirish, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri bronlash va elektron chipta rasmiylashtirish, Tashuvchi tomonidan on-layn rejimda taqdim etiladigan, tashuvlar bilan bog‘liq boshqa xizmatlarni sotib olish maqsadida ishlab chiqilgan.

1.12. Chek - rasmiylashtirilgan Buyurtma uchun o‘tkazilgan to‘lov haqidagi batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan elektron kvitansiya shakli bo‘lib, Chipta narxi to‘langanidan so‘ng ko‘rsatilgan elektron pochta manzili bo‘yicha va/yoki to‘lovni qabul qiluvchi provayder tomonidan ko‘rsatiladigan, ulangan axborot berish xizmatidan foydalanilgan holda Mijozga yuboriladi.

2. UMUMIY QOIDALAR.

2.1. Sayt tanlangan yo‘nalish bo‘yicha va faqat “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK qatnovlari yuzasidan axborot izlash va olish uchun mo‘ljallangan va quyidagilarga asosan faoliyat yuritadi:

- O‘zbekiston Respublikasining 2004 yil 29 apreldagi "ELEKTRON TIJORAT TO‘G‘RISIDA"gi 613-II-sonli Qonuni, (http://www.lex.uz/pages/GetAct.aspx?lact_id=165497 );

- O‘zbekiston Respublikasining «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi 2015 yil 22 maydagi O‘RQ-385-sonli Qonuni (http://www.lex.uz/pages/GetAct.aspx?lact_id=1654 );

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida» 2015 yil 22 maydagi O‘RQ-385-son O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Qarori (http://www.lex.uz/Pages/GetAct.aspx?lact_id=2746197 );

- O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va me’yoriy hujjatlari;v

- Tashuvchining tasdiqlangan Qoidalari, yo‘riqnomalari va boshqa me’yoriy hujjatlari.

2.2. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasi ikkinchi qismi va 426-moddasiga muvofiq ushbu Kelishuv “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning internet vositasida “Tashuvchi” nomidan va uning amaldagi tariflariga ko‘ra Kelishuvda ko‘rsatilgan shartlar asosida on-layn bronlash va aviachiptalarni sotish xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan kelishuv tuzish bo‘yicha rasmiy taklifi hisoblanadi.

2.3. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK korporativ saytining boshqa bo‘limlarida joylashtirilgan axborotlar ushbu Kelishuvga, Havo orqali tashuvlar shartnomasiga muvofiq oferta hisoblanmaydi va faqatgina reklama xarakteriga ega bo‘lishi mumkin.

2.4. Ushbu ommaviy ofertaning to‘liq va e’tirozsiz aksepti (ya’ni ofertani qabul qilish haqidagi javob) Mijozning ofertada ko‘rsatilgan Kelishuv shartlarini va e’lon qilingan Qoidalarni bajarish bo‘yicha www.uzairways.com saytida taqdim etiladigan xizmatlarni rasmiylashtirish uchun Tashuvchining saytidan foydalanish niyati orqali namoyon bo‘ladigan hatti-harakatlari hisoblanadi.

2.5. Ushbu oferta akseptini amalga oshirib, quyida bayon etilgan shartlarni qabul qilgan jismoniy shaxs ushbu ofertaning barcha qoidalariga roziligini ifoda etadi va Mijozga aylanadi (oferta aksepti ofertada bayon etilgan shartlarda Kelishuv tuzilgani bilan bir xil kuchga ega).

2.6. Taqdim etiladigan xizmatlarni (ular haqidagi axborot Tashuvchining saytida joylashtirilgan) ko‘rsatish to‘g‘risidagi Kelishuv, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va amaldagi me’yoriy hujjatlarga hamda Tashuvchining qoidalariga muvofiq Mijoz bilan Tashuvchi va To‘lovni qabul qiluvchi provayder o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladi.

2.7. Ushbu ommaviy oferta aksepti bo‘yicha hatti-harakatlarni amalga oshirgan Mijoz o‘zining 18 yoshdan oshganligini kafolatlaydi, shuningdek qonuniy huquqqa egaligi va muomalaga layoqatliligini tasdiqlaydi.

3. TIZIMDAN FOYDALANISH.

3.1. Chipta narxini to‘lash O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – so‘mda va Tashuvchining amaldagi qoidalari va tariflarni qo‘llash shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

3.2. Rasmiylashtirilgan Buyurtma to‘lovi UZCard Milliy banklararo to‘lov tizimi yordamida va Visa, MasterCard xalqaro to‘lov tizimlari va boshqa ulangan SMS-ma’lumot xizmatlaridan foydalangan holda elektron bank kartalari orqali amalga oshiriladi (batafsil UzCard veb-saytida –3.2. Payment of the value of the executed Order is carried out through electronic bank cards using the National Interbank Payment System UZCard and using the international payment systems Visa, MasterCard and other connected SMS information services (see details on the UzCard website - http://uzcard.uz/index.php/ru/sms-inform

Aviachiptalarni sotish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 01-avgustdagi “Xalqaro aviatashuvlar xizmatlarini sotishni tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 224-sonli Qaroriga muvofiq amalga oshiriladi (https://www.uzairways.com/sites/default/files/1346.pdf). Bunda rasmiylashtirilgan Chipta haqini toʻlash va foydalaniladigan toʻlov valyutasi shartlariga rioya etish uchun javobgarlik toʻliq Mijoz zimmasida boʻladi. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 01-avgustdagi 224-sonli Qaroriga muvofiq aviachiptalar haqini toʻlash shartlari bajarilmaganda Tashuvchi tashuv shartnomasini haqiqiy emas deb hisoblashga haqli boʻladi.

3.3. Siz xarid qilgan aviachiptaning haqiqiyligini “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK saytida tekshirib ko‘rishingiz mumkin - https://www.uzairways.com/en/checkticket.

3.4. Mijoz tomonidan taqdim etiladigan axborotlarning aniqligi va to‘g‘riligi uchun Tashuvchi javobgar bo‘lmaydi.

3.5. Tashuvchining saytida buyurtma rasmiylashtirish har qanday holda ham Mijoz tomonidan ushbu Kelishuvning tuzilganligi va imzolanganligini anglatadi va uning zimmasiga ushbu Kelishuvda ko‘zda tutilgan majburiyatlarni yuklaydi.

3.6. Bolalar va 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun Buyurtma rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlar amalga oshirilmaydi. Zaruriyat bo‘lganda, marhamat qilib, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK ofislariga murojaat qiling.

4. BUYURTMANI SHAKLLANTIRISH, TASHUVGA HAQ TO‘LASH

VA UNI RASMIYLASHTIRISH TARTIBI

4.1. Tashuvchi bron qilingan va haqi to‘langan tashuvni rasmiylashtiradi. Tashuv narxi (aviachipta narxi) Tashuvchi tomonidan o‘rnatilgan tariflar/tariflar birikmasi va yig‘imlardan tashkil topadi va Tashuvchi tomonidan avtomatlashtirilgan bronlash tizimida e’lon qilinadi, ular bilan shuningdek aviakompaniyaning saytida - www.uzairways.com tanishish mumkin.

4.2. Mijoz bron qilishdan oldin Tashuvchining saytidagi “Qoidalar bilan tanishish” bo‘limida joylashtirilgan, umumiy Qoidalar, ushbu oferta va boshqa hujjatlarni o‘z ichiga olgan axborotlar bilan tanishish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Tashuvchining saytidagi “Qoidalar bilan tanishish” bo‘limida joylashtirilgan hujjatlar ushbu ommaviy ofertaning ajralmas qismlari hisoblanadi. Mijoz on-layn bronlash tizimidan foydalangan holda faqat bitta aviachiptani bron qilishi va sotib olishi mumkin. Qo‘shimcha chiptalarni sotib olish bron qilish va aviachiptaga haq to‘lash bo‘yicha hatti-harakatlarni qaytadan bajarish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

4.3. Qoidalar, ushbu ommaviy oferta matni, tashuv narxi va tarifni qo‘llash qoidalari bilan tanishib chiqqan Mijoz mustaqil ravishda Buyurtmani tuzadi. Buyurtmaning barcha shartlari bilan Mijoz bronlash jarayonida tanishadi.

4.4. Rasmiylashtirilgan buyurtma narxini Mijoz Buyurtma rasmiylashtirilganidan so‘ng ko‘rsatilgan vaqt ichida (taym-limit) to‘lashi kerak.

4.5. Mijoz mustaqil ravishda va Kelishuv shartlari hamda to‘lovni qabul qiluvchi provayder saytida e’lon qilingan yo‘riqnomalarga muvofiq to‘lovni amalga oshiradi. Buyurtma haqini to‘lash uchun to‘lovni qabul qiluvchi provayderning himoyalangan varag‘iga o‘tiladi, unda Mijoz UzCard kartasi bo‘yicha haq to‘lash yuzasidan zarur hatti-harakatlarni amalga oshiradi.

4.6. Bron qilish tartib-tamoyili to‘rtta bosqichni o‘z ichiga oladi:

- Birinchi bosqich Mijoz uchun eng maqbul parvoz variantini tanlash, ushbu Kelishuv shartlari, tashuv qoidalari va tashuvchining tarif qoidalari bilan tanishishdan iborat.

- Ikkinchi bosqichda Mijoz tanlangan qatnovga joyni/chiptani oldindan bron qiladi. Buyurtmani to‘lg‘azayotgan paytda Mijoz saytda ko‘rsatilgan, to‘ldirilishi shart bo‘lgan hamma kataklarni to‘ldirishi shart.

-Uchinchi bosqichda Mijoz to‘lov shaklini tasdiqlaydi va rasmiylashtirilgan Buyurtmada ko‘rsatilgan miqdordagi pul mablag‘ini kiritadi.

- To‘rtinchi bosqichda, Buyurtmada ko‘rsatilgan aviatashuv narxi to‘langanligi tasdiqlansa, Chipta rasmiylashtiriladi.

4.7. Chiptalarni bronlashda xatoliklarga va noaniqliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanganda, Tashuvchi Mijozga buyurtmaning tafsilotlari yozilgan elektron xatni olganidan so‘ng saytda ko‘rsatilgan telefon yoki elektron pochta orqali Tashuvchining xodimi bilan bog‘lanib, Mijozdan olingan axborotlarni tekshirish va aniqlashtirishni qat’iy tavsiya qiladi. Tashuvchi tashuvlar to‘g‘risidagi to‘liq ma'lumotlarni elektron ko‘rinishda bera olmaydi. Agar Mijoz Tashuvchining xodimi bilan bog‘lanmagan bo‘lsa, bronlashda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, Mijoz ko‘rgan zarar, safar rejalarining barbod bo‘lishi va h.k. yuzasidan Mijozning hech qanday da’volari qabul qilinmaydi.

4.8. Mijoz rasmiylashtirgan Buyurtma tugal xarakterga ega. Mijoz Buyurtmaga haq to‘lab bo‘lgandan so‘ng 24 soat ichida Yo‘nalish kvitansiyasini olishi kerak. Yo‘nalish kvitansiyasi haqi to‘langan Buyurtma bo‘yicha Mijoz uchun chipta rasmiylashtirilganligini tasdiqlaydi. Yo‘nalish kvitansiyasi Buyurtmada ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga yuboriladi. Mijoz Yo‘nalish kvitansiyasini olmasa, chipta rasmiylashtirilganligini tasdiqlash uchun Tashuvchi bilan bog‘lanishi kerak. Har bir yo‘lovchi uchun rasmiylashtirilgan, Mijoz tomonidan haqi to‘langan aviatashuv haqida to‘liq axborotni o‘z ichiga olgan yo‘nalish kvitansiyasi chipta sotib olinganligining tasdig‘i hisoblanadi, u Mijoz tomonidan buyurtma berilayotgan paytda ko‘rsatilgan elektron manzilga yuboriladi.

4.9. Mijozning va/yoki istalgan yo‘lovchining buyurtmasida ko‘rsatilgan familiyasi va ismi, tug‘ilgan sanasi kabi shaxsiy ma'lumotlari o‘zgarishi buyurtmaning bekor bo‘lishiga/buyurtmada kelishilgan tariflarning o‘z kuchini yo‘qotishiga olib keladi, chunki yo‘lovchining buyurtmasidagi bu ma’lumotlarini o‘zgartirish uchun uni bekor qilish va yangisini rasmiylashtirish zarur. Agar buyurtma uchun haq to‘langan va chiptalar yozib berilgan bo‘lsa, pul mablag‘ini qaytarib berish Tashuvchining qoidalariga muvofiq, Tashuvchi tomonidan belgilangan barcha jarimalarni ushlab qolgan holda amalga oshiriladi.

4.10. Mijoz qatnovni va/yoki tashuv sanasini tanlashda xatoga yo‘l qo‘yganida, aviachiptani qaytarish va qayta rasmiylashtirish Tashuvchining qoidalariga muvofiq, Tashuvchi tomonidan belgilangan barcha jarimalarni ushlab qolgan holda amalga oshiriladi. Shunday qilib, Mijoz shaxsiy ma’lumotlarini kiritishda yo‘l qo‘ygan xatoliklar va noaniqliklar bilan bog‘liq barcha mumkin bo‘lgan tijorat tavakkalchiliklarini o‘z zimmasiga oladi (yangi buyurtmani rasmiylashtirish, tarifni o‘zgartirish, pul mablag‘ini qaytarish/qaytarmaslik va b.).

4.11. Bron uchun haq to‘langanligi Mijozning aviatashuv bilan bog‘liq barcha shartlar, majburiyatar va cheklovlarga roziligini anglatadi.

4.12.Agar Mijoz hali chipta yozib berilmagan buyurtmani o‘zgartirmoqchi yoki bekor qilmoqchi bo‘lsa, ko‘rsatilgan amallarni bajarish uchun kechiktirmay Tashuvchi bilan bog‘lanishi zarur. Agar buyurtma bo‘yicha chiptalar chiqarib bo‘lingan bo‘lsa, Mijoz ushbu saytning “Chiptani qaytarish” bo‘limida bayon etilgan barcha amallarni bajarish orqali chiptani qaytarish tartib-tamoyillarini amalga oshirishi mumkin.

4.13. Begona shaxslar/yo‘lovchilar uchun bir necha chipta yoki chiptalar bron qilgan Mijoz tashuvning barcha shartlarini va boshqa axborotlarni ushbu parvozda ishtirok etuvchi barcha yo‘lovchilar diqqatiga yetkazishi shart. Yo‘lovchilarning va Mijozning tashuv shartlariga oid xabarlar berilmaganligi va boshqa zarur axborotlarni olmaganliklari masalalari bo‘yicha Tashuvchiga bildiradigan da'volari qabul qilinmaydi.

4.14. Bitta Mijozga/yo‘lovchiga bir xil uchish hududlarida uchish sanalari kesishadigan bir necha bron (buyurtma) tuzilmasligi kerak. Bir xil uchish hududlarida uchish sanalari kesishadigan bir necha buyurtmaning mavjud bo‘lishi “ikkilangan bronlash” deb ataladi. Ikkilangan bronlash aniqlangan hollarda aviakompaniya oldindan xabar bermasdan turib barcha takrorlanadigan buyurtmalarni, shu jumladan chiptalari chiqarilgan buyurtmalarni ham bekor qilishga haqli. Bunday hollarda pul mablag‘ini qaytarib berish Tashuvchining qoidalariga muvofiq, Tashuvchi tomonidan belgilangan barcha jarimalarni ushlab qolgan holda amalga oshiriladi. Shunday qilib, Mijoz istalgan yo‘lovchiga “ikkilangan bronlash”ni tuzishi bilan bog‘liq o‘z hatti-harakatlaridan kelib chiqadigan barcha mumkin bo‘lgan tijorat tavakkalchiliklarini o‘z zimmasiga oladi (yangi buyurtmani rasmiylashtirish, tarifni o‘zgartirish, pul mablag‘ini qaytarish/qaytarmaslik va b.).

4.15. Mijoz buyurtma berayotganida barcha parvozlar bronda ko‘rsatilgan qat’iy ketma-ketlikda bajarilishi shartligini hisobga olishi kerak. Mijoz/yo‘lovchining biror-bir qatnovga kelmasligi barcha keyingi qatnovlarning (uchish segmentlarining) bekor qilinishi va to‘langan summaning qaytarilmasligiga olib kelishi mumkin. Tashuvchining amaldagi Qoidalariga muvofiq qatnovga kelmaslik (NO SHOW) Tashuvchi tomonidan ko‘rsatilgan qatnov uchib ketishigacha bo‘lgan vaqt mobaynida parvozni rad etish deb hisoblanishi ham mumkin.

4.16. Parvoz yo‘nalishini tanlash jarayonida Tashuvga tegishli barcha viza rasmiyatchiliklari va mamlakat chegaralarini kesib o‘tishga qo‘yiladigan talablarni Mijoz/yo‘lovchi mustaqil ravishda hal etishi lozimligini yodda tutish zarur. Shuningdek agar Mijoz/yo‘lovchi bagaj bilan ketadigan bo‘lsa, tranzit punktida bagajini qaytadan yuklash qoidalarini mustaqil ravishda aniqlaydi.

4.17. Barcha tariflarda ham sotib olingan chiptani to‘liq qaytarish yoki uni qayta rasmiylashtirishga ruxsat etilavermaydi. Agar Mijozni tanlangan parvoz varianti uchun chiptani qaytarish yoki uni qayta rasmiylashtirish qoidalari qiziqtirsa, to‘lovni amalga oshirishdan oldin Tashuvchidan bu ma’lumotlarni aniqlashtirib olishi kerak.

4.18. Axborotlarni va shaxsiy ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritganlik uchun javobgarlik Mijozning zimmasida bo‘ladi. Mijoz tomonidan Mijozning/yo‘lovchining familiyasi va ismi pasportda ko‘rsatilganidek aynan kiritilishi kerak, agar ro‘yxatdan o‘tish paytida aynan shu hujjat ko‘rsatiladigan bo‘lsa. Mavjud buyurtmadagi ism va familiyaning yozilishiga o‘zgartirish kiritishning texnik jihatdan iloji yo‘q, shu sababli bu chiptani qaytarib topshirish/tashuv shartnomasini bekor qilish va Mijoz tomonidan yangi buyurtmani rasmiylashtirishga olib keladi. Bunday hollarda chiptani qaytarish Tashuvchining qoidalariga muvofiq, Tashuvchi tomonidan belgilangan barcha jarimalarni ushlab qolgan holda amalga oshiriladi. Noto‘g‘ri axborotlar va shaxsiy ma’lumotlarni kiritish natijasida Tashuvchi yoki vakolatli davlat organlari tomonidan yo‘lovchining qatnovdan chetlashtirilganligi uchun Tashuvchi javobgar bo‘lmaydi.

4.19. Agar Mijoz/yo‘lovchi o‘zi bilan o‘ziga xos bagaj (masalan: jonivorlar, sport anjomlari, nogabarit yuk va b.) olib ketishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, Mijozning bunday bagajni olib ketish uchun ruxsat berishni so‘rab yozgan so‘rovnomasi Chiptaga haq to‘lashdan oldin Tashuvchiga yuborilishi kerak. Tashuvchining bunday bagajni olib ketish mumkinligini tasdiqlovchi hujjati tashuv hujjatlarini rasmiylashtirishdan oldin olinishi kerak, chunki bunday tashuvga ruxsat etilmasligi ham mumkin.

4.20. Agar Mijoz va/yoki yo‘lovchi alohida holatdagi shaxs bo‘lsa yoki unga nisbatan o‘ziga xos tashish shartlari qo‘llanilishi kerak bo‘lsa (homilador ayollar, harakati cheklangan yoki alohida tibbiy parvarish talab etadigan yo‘lovchilar va h.k.), bunday hollarda bronlash tizimi orqali so‘rovnoma yuborish orqali aviakompaniya bilan tashuv shartlarini kelishib olish kerak.

4.21. 4.19 - va 4.20- bandlarda ko‘rsatilgan hollarda Mijoz Tashuvchining saytida chiptalar bronini rasmiylashtirib boshlashidan avval istalgan usul bilan Tashuvchiga Mijoz/ yo‘lovchining o‘ziga xos holati yoki Mijozni/yo‘lovchini tashishning alohida talablari, shuningdek uning maxsus bagaji haqida xabardor qilishi shart. Tashuvchining bunday tashuvni amalga oshirishi mumkinligini tasdiqlovchi hujjati olingandan keyingina chiptani bronlash va unga haq to‘lash amalga oshirilishi mumkin, chunki Tashuvchi bunday tashuvni rad etishi ham mumkin.

4.22. Butun safar davomida favqulodda holatlarda u yoki yo‘lovchilar bilan bog‘lanish uchun Mijoz Buyurtmachining o‘zi bilan bog‘lanishi mumkin bo‘lgan telefon raqamlarini buyurtmaga kiritishi shart.

4.23. Aviachiptaning, haqi to‘langan buyurtmadagi har bir parvozning haqiqiyligini Mijoz “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK saytidagi “Chiptani tekshirish” bo‘limida tekshirib tasdiqlashi mumkin. Uchishdan oldin jo‘nash va manzil aeroportiga yetib borish vaqti, qatnov raqami, jo‘nab ketish va yetib borish terminalini aniqlab olishni tavsiya etamiz, negaki ular Tashuvchi tomonidan oldindan ogohlantirmasdan turib o‘zgartirilishi mumkin.

5. BUYURTMAGA HAQ TO‘LASH.

5.1. Buyurtma narxi saytda va Mijozga yuboriladigan elektron xatda buyurtma tafsilotlari bilan birgalikda ko‘rsatiladi. Buyurtma narxi tugal hisoblanmaydi va Tashuvchi Buyurtmada ko‘rsatilgan taklifning mavjudligini tasdiqlab, chiptani (yo‘nalish kvitansiyasini) chiqarmagunga qadar kafolatlanmaydi. Bron qilingan chiptaga haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – so‘mda amalga oshiriladi.

5.2. Mijoz Buyurtma narxini bank kartasi yoki saytda ko‘rsatilgan to‘lov tizimlari orqali to‘laydi.

5.3. Bank kartasi yordamida Buyurtmaga haq to‘lash:

5.3.1. Tashuvchi To‘lovlarni qabul qiluvchi provayderning elektron to‘lov tizimlari orqali bank kartalarini to‘lov uchun qabul qiladi. Mijozga plastik karta ma'lumotlarini kiritish, uni avtorizatsiya qilish taklif etiladi.SMS-xabar berish tizimi identifikatsiya kodi ko‘rsatilgan SMS xabar yuborish orqali Mijozni avtorizatsiya natijalari haqida xabardor qiladi. Kartadan pul mablag‘lari faqatgina chipta rasmiylashtirilganligi uchun echib olinadi. To‘lovni qabul qiluvchi provayderning hatti-harakatlari/harakatsizligi, shuningdek Mijozning elektron to‘lovlar tizimi va internet orqali to‘lovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday zarar va tavakkalchiliklari uchun Tashuvchi javobgar bo‘lmaydi.

5.3.2. Bank kartasi orqali buyurtma haqini to‘lash bevosita Mijoz – karta egasi tomonidan amalga oshirilishi kerak. Agar Mijoz o‘z bank kartasini to‘lovlarni amalga oshirishi uchun boshqa shaxsga bergan bo‘lsa, unda Mijoz bu to‘lovlar bilan bog‘liq barcha tavakkalchiliklarni o‘z zimmasiga oladi va bunday vaziyatda buyurtmaga haq to‘lash Mijoz tomonidan amalga oshirildi, deb hisoblanishiga rozilik bildiradi.

5.3.3. Bank kartasi yordamida haq to‘lash tartibi saytning “To‘lov qanday amalga oshiriladi” deb nomlangan bo‘limida ko‘rsatilgan.

5.3.4. Elektron to‘lovlar tizimiga ma'lumotlarni uzatish barcha ehtiyot choralariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi. Tashuvchi Mijozni himoyalangan kanal orqali avtorlashtirilgan serverga yo‘naltiradi. Axborot shifrlangan holatda uzatiladi va faqatgina To‘lovni qabul qiluvchining to‘lov tizimidagi ixtisoslashtirilgan serverida saqlanadi.

5.3.5. Bank kartalari bo‘yicha amaliyotlarni avtorizatsiya qilish (avtorizatsiya – foydalanuvchining huquqlari va shaxsini tekshirish, bu tarmoqning xavfsiz ishlashi va maxfiy ma'lumotlarning saqlanishini ta'minlash uchun zarur) To‘lovni qabul qiluvchi provayderning saytida amalga oshiriladi. Agar To‘lovni qabul qiluvchi provayderning amaliyot tovlamachilik xarakteriga ega deb hisoblashiga asosi bo‘lsa, u ushbu amaliyotni o‘tkazishni rad etish huquqiga ega. Tashuvchi To‘lovni qabul qiluvchi provayderning harakatlari uchun javobgarlikka ega emas.

5.3.6. To‘lov paytida bank kartalaridan turli xildagi noqonuniy foydalanishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun saytda rasmiylashtirilgan, bank kartalari orqali haqi to‘lanishi kerak bo‘lgan yoki haqi to‘langan barcha buyurtmalar tekshirib ko‘rilishi mumkin. Bank kartasi egasining shaxsini va uning kartadan foydalanish bo‘yicha qonuniy vakolatini tekshirish maqsadida, bunday buyurtmani rasmiylashtirgan Mijoz To‘lovni qabul qiluvchi provayderning xodimidan yoki Tashuvchining xodimidan tushgan so‘rovnoma bo‘yicha bank kartasi egasining pasportidagi tegishli varag‘i – Mijozning fotosurati tushirilgan ichki sahifasining nusxasini, shuningdek bank kartasidan nusxani faksdan yoki skanirlangan nusxa shaklida elektron pochtadan yuborishi shart. Mijoz so‘ralgan hujjatlarni taqdim etmagan hollarda yoki ularning haqiqiyligiga shubha bo‘lganda Tashuvchi sababini tushuntirmasdan turib buyurtmani bekor qilishga haqli. Bunday holda buyurtma narxi, agar u o‘tkazib bo‘lingan bo‘lsa, Mijozning kartasiga qaytarib beriladi.

5.3.7. Agar Mijoz chiptalarni o‘zi va/yoki uchinchi shaxslar(yo‘lovchilar) uchun bron qilsa va o‘zi va/yoki yo‘lovchilar uchun buyurtmaga o‘z bank kartasidan haq to‘lasa, u holda Mijoz quyidagilarni bilishi va ularga rozilik bildirishi kerak, shuningdek ularni yo‘lovchilarga etkazishi shart:

- muayyan yo‘lovchiga rasmiylashtirilgan chipta qaytarilganda/ qayta rasmiylashtirilganda, Tashuvchi amaldagi qonunchilikka muvofiq yo‘lovchining chiptani qaytarish/qayta rasmiylashtirish bo‘yicha talabini rad etishga haqqi yo‘q;

- bunday hollarda pul mablag‘ini yo‘lovchiga qaytarib berishning iloji yo‘q, chunki u to‘lovni amalga oshirgan shaxs hisoblanmaydi, shu sababli chipta narxining tegishli qismi (yo‘lovchi chiptasining narxi undan jarimalar va yig‘imlarni ushlab qolgan holda) buyurtma haqini to‘lagan shaxs sifatida Mijozning bank kartasiga qaytarib beriladi;

- bunday hollarda Mijoz Tashuvchining buyurtma haqining bir qismi qaytarilishining sabablari haqidagi qo‘shimcha xabarnomasini olmaydi;

- Mijoz yo‘lovchilar bilan bo‘ladigan o‘zaro hisob-kitoblarga oid masalalarni, shuningdek bunday vaziyat munosabati bilan yuzaga keladigan boshqa masalalarni mustaqil ravishda hal qiladi va uchinchi shaxslar uchun Chipta narxini to‘lashda bank kartasidan foydalanganlik uchun to‘liq javobgarlikka ega bo‘ladi.

5.3.8. Agar Mijoz uchinchi shaxslarning aviachiptalarini qaytarish/qayta rasmiylashtirish istagini bayon etsa va Tashuvchida bunday xohish bayon etilgan arizaning haqiqiyligiga shubha uyg‘onsa, Tashuvchi yo‘lovchilardan ularning buyurtmaga nisbatan reja-maqsadlarini so‘rash va ulardan javob olmagunga qadar, ya'ni yo‘lovchilarning haqiqiy hoxish-istaklarining dalilini olmagunga qadar hech qanday harakatni amalga oshirmaslik huquqiga ega.

5.3.9. Bank kartasi orqali to‘lov amalga oshirilganda, ushbu Kelishuvning shartlariga muvofiq barcha holatlarda pul mablag‘lari Mijozga, faqatgina uning bank kartasiga qaytarib beriladi.

6. AVIACHIPTA PULINI QAYTARISH

MAK korporativ sayti orqali rasmiylashtirilgan va haqi to‘langan aviachiptalarni qaytarish faqatgina “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK rasmiy ofislari: HABA DUK, O‘zbekiston Respublikasi aeroportlari kassalarida amalga oshiriladi.

6.1. Mijoz buyurtmaning istalgan bosqichida uni rad etishi mumkin, bunda Mijoz buyurtmani rad etishi orqali ushbu Kelishuvda belgilab berilgan javobgarlik shartlarini qo‘llanilishiga olib kelishidan xabardor etilganligi va ularga roziligini bildiradi.

6.2. Agar Mijoz chiptalari chiqarilgan buyurtmani rad etish haqida qaror qilsa, u Tashuvchining saytidagi tegishli bo‘limga kirib, “Aviachiptani qaytarish” tugmasini bosadi va buyurtmani rad etishni rasmiylashtirishni boshlaydi.

6.3. Chiptalari chiqarilgan buyurtmani rad etishni Mijoz Tashuvchining saytidagi “Aviachiptani qaytarish” bo‘limida joylashtirilgan ko‘rsatmalarga muvofiq buyurtmani rad etish tartib-tamoyilini bosqichma-bosqich o‘tish orqali amalga oshiradi. Buyurtmani rad etish tartib-tamoyilini bosqichma-bosqich o‘tish shuningdek Mijoz tomonidan ariza rasmiylashtirishni ham o‘z ichiga oladi, bunday ariza shakli ham ushbu saytda elektron ko‘rinishda joylashtirilgan. To‘ldirilgan shakl ko‘rib chiqish va qaytariladigan summani hisob-kitob qilish uchun MAK xodimiga topshiriladi. Qaytarilishi kerak bo‘lgan pul summasi besh bank kuni ichida bank kartasiga qaytarilishi kerak. Mijoz ariza berayotgan vaqtda bu shartlarni e’tiborga olmog‘i zarur.

6.4. Mijozning ushbu tartib-tamoyilning barcha bosqichlarini o‘tishi taraflar o‘rtasida ushbu Kelishuvning bekor qilinganligini anglatadi.

6.5. Mijozga qaytarilishi kerak bo‘lgan pul summasi (agar Tashuvchining shartlariga ko‘ra bunday qaytarib berish ko‘zda tutilgan bo‘lsa) havo orqali tashuvlar shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng, saytda ko‘rsatilgan tartibda, Tashuvchi tomonidan hisoblab chiqilgan miqdorda, chipta qaytarib topshirilgan vaqtni, Tashuvchining jarimalarini hisobga olgan holda, servis yig‘imlarini ushlab qolgan holda amalga oshiriladi.

6.6. Mijozga pul mablag‘ini qaytarib berish aviachipta uchun haq to‘langan bank kartasi egasining hisob raqamiga pul o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

6.7. Tashish shartnomasini rad etish (chiptani qaytarib topshirish) to‘g‘risidagi ariza faqatgina Mijoz-bank kartasining egasidan qabul qilinadi. Agar yo‘lovchi aviachipta uchun haq to‘langan bank kartasining egasi bo‘lmasa, tashish shartnomasi rad etilganda (chipta qaytarib topshirilganda) bunday yo‘lovchiga pul mablag‘i qaytarib berilmaydi. Pul mablag‘i buyurtma uchun haq to‘lagan va bank kartasining egasi bo‘lgan Mijozga qaytarib beriladi. Bunday hollarda Mijoz bilan yo‘lovchi o‘rtasidagi moliyaviy hisob-kitoblarning Tashuvchiga aloqasi bo‘lmaydi, yo‘lovchidan unga Tashuvchi tomonidan pul mablag‘i qaytarilmaganligi bo‘yicha da’volar qabul qilinmaydi. Mijoz-bank kartasining egasi Kelishuvning bu sharti haqida yo‘lovchini ogohlantirishi shart.

6.8.Buyurtma shartlari va Tashuvchining qoidalari bilan Mijoz bronlash jarayonida tanishadi. Agar Mijozga buyurtmaning biror-bir sharti, shu jumladan buyurtmani rad etish, chiptani qaytarib berish, rasmiylashtirib bo‘lingan buyurtmaga istalgan o‘zgartirishni kiritish kabi shartlar tushunarsiz bo‘lsa, Mijoz o‘ziga zarur ma’lumotlarni Tashuvchidan aniqlashtirib olishi shart. Mijozning unga biror-bir shartning tushunarsizligi bilan bog‘liq da’volari qabul qilinmaydi.

6.9. Mijoz/yo‘lovchi tomonidan haqi to‘langan chipta qaytarib topshirilganda, tegishli yig‘imlar summasini chegirib qolgan va Tashuvchi tomonidan o‘rnatilgan qoidalarni hisobga olgan holda, qaytarilishi kerak bo‘lgan summa Mijoz tomonidan ko‘rsatilgan va to‘lovni qabul qilgan provayder tasdiqlagan bank kartasiga qaytariladi.

6.10. Mijoz/yo‘lovchi tomonidan haqi ushbu bandda ko‘rsatilgan usulda to‘langan chipta qaytarib topshirilganda, pul mablag‘ini faqatgina Mijoz tomonidan ko‘rsatilgan rekvizitlar bo‘yicha bank o‘tkazmalari orqali qaytarib berish mumkin.

6.11. Mijoz/yo‘lovchi tomonidan haqi ushbu bandda ko‘rsatilgan usulda to‘langan chipta qaytarib topshirilganda ushbu Kelishuvning 5.3-bandida belgilangan qoidalar va cheklovlar qo‘llaniladi.

7. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI.v

7.1. Tomonlar ushbu ommaviy oferta bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganliklari yoki lozim darajada bajarmaganliklari uchun ushbu ommaviy oferta va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilab berilgan tartibda va shartlarda javobgarlikka ega bo‘ladilar.

7.2. Parvozlar jadvali, aviaqatnovlarga joylarning mavjudligi, tariflar va ularni qo‘llash qoidalariga taalluqli barcha axborotlar, shuningdek aviatashuvchi tomonidan taklif etiladigan xizmatlarning boshqa shartlariga taalluqli axborotlar mazkur xizmatlarni bevosita yetkazib beruvchilar yoki ularning vakolatli vakillari tomonidan ushbu ma’lumotlar bronlash tizimida qanday taqdim etilgan bo‘lsa, aynan shunga muvofiq ravishda Tashuvchi saytiga joylashtiriladi. Tashuvchi xizmatlarni yetkazib beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan axborotlarni mustaqil ravishda tekshirib ko‘rish imkoniga ega emas va ularda noaniqliklar bo‘lmasligini kafolatlay olmaydi, shu sababli xizmatlar to‘g‘risidagi har qanday xato ma’lumotlar uchun, shuningdek axborotlardagi xatoliklar tufayli foydalanuvchiga yetkazilgan ziyon yoki zarar uchun Mijoz oldida javobgarlikka ega bo‘lmaydi.

7.3. Tashuvchi o‘z vakolati doirasidan tashqarida joylashgan voqealar va vaziyatlar, shuningdek uchinchi shaxslarning hatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida yuzaga kelgan salbiy oqibatlar va zararlar uchun javobgar bo‘lmaydi, aynan:

- Mijoz tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar va hujjatlarning noto‘g‘riligi, yetarli bo‘lmasligi va o‘z vaqtida taqdim etilmasligi yoki Mijoz tomonidan ushbu kelishuv shartlari yoki hujjatlarga bo‘lgan talablarning buzilishi oqibatida Tashuvchining o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishning imkoni bo‘lmaganda;

- Tashuvchining hatti-harakatlari uchun (aviaqatnovlar jo‘nashidagi o‘zgarishlar, qatnovning bekor qilinishi, boshqa vaqtga ko‘chirilishi, kechikishi), Mijozning va/yoki yo‘lovchilarning butun safari davomida bagaji, yuki, qimmatbaho narsalari va hujjatlarining saqlanishi, yo‘qolganligi yoki shikast yetganligi uchun. Bunday hollarda Tashuvchi Mijoz va/yoki yo‘lovchilar oldida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va belgilangan qoidalarga muvofiq javobgarlikka ega bo‘ladi.

-O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlari tomonidan Mijozning va/yoki yo‘lovchilarning O‘zbekistonga/dan kirish/chiqish huquqlari cheklanganligi oqibatida;

- Mijozning va/yoki yo‘lovchilarning bojxona va chegara rasmiyatchiliklarini, transportda ketish va bagaj olib o‘tish qoidalarini buzishi, shuningdek mamlakatda o‘zini tutish qoidalarini buzganligi oqibatlari uchun;

- Mijozda va/yoki yo‘lovchida Tashuvchi tomonidan rasmiylashtirib berilgan tashuv hujjatlarining yo‘qligi uchun;

- Mijozning va/yoki yo‘lovchilarning qatnovga ro‘yxatdan o‘tishga, samolyotning jo‘nab ketish joyiga kelmaganligi yoki kechikib kelganligi uchun;

- Mijozning va/yoki yo‘lovchilarning Tashuvchi tomonidan o‘rnatilgan samolyot sahnida o‘zini tutish tartibiga rioya etmaganligi uchun;

- safar boshlanishi paytida Mijozda va/yoki yo‘lovchilarda tegishlicha rasmiylashtirilgan pasportlarining, qatnovga ro‘yxatdan o‘tish masalalarini tartibga solish uchun zarur bo‘lgan tegishli hujjatlarning bo‘lmasligi uchun;

- hujjatlarning haqiqiyligi va to‘g‘ri rasmiylashtirilganligi uchun (ulardagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va to‘liqligi uchun);

- Mijozning aloqa tizimi, asbob-uskunalarining nosozligi va h.k.lar tufayli uning Buyurtmani rasmiylashtira olmasligi uchun.

7.4. Mijoz (yo‘lovchi) quyidagilar bilan tanishganligi va ularga rozi ekanligini tasdiqlaydi va kafolatlaydi:

- Tashuvchining tashuv qoidalari va tariflarni qo‘llash shartlari, shu jumladan chiptalarni qaytarish va qayta rasmiylashtirish shartlari bilan;

- pasportlarga va boshqa rasmiy hujjatlarga, shu jumladan pasportning haqiqiyligi va uning amal qilish muddatiga qo‘yiladigan talablar bilan;

- bojxona va chegara qoidalariga rioya etish bo‘yicha majburiyatlar bilan;

- chegarani kesib o‘tish uchun zarur pasportlarning haqiqiyligi, bu hujjatlardagi ma'lumotlarning to‘g‘riligi va bu ma'lumotlarning tashuv hujjatiga kiritilishi uchun Mijoz (yo‘lovchi) mustaqil ravishda to‘liq javobgarlikka ega ekanligi bilan;

- Mijoz (yo‘lovchi(lar) tashuvda ishtirok etuvchi mamlakatlarga kirish uchun vizalarning rasmiylashtirilishi va mavjud bo‘lishi borasidagi talablar bilan mustaqil ravishda tanishib chiqishi zarurligi;

- haqiqiy bo‘lmagan kirish va chiqish hujjatlariga ega bo‘lgan yo‘lovchini deportatsiya qilish faqatgina Mijoz (yo‘lovchi) hisobidan amalga oshirilishi haqida. Mijoz (yo‘lovchi) tegishli mamlakatning elchixonasidan zarur ma’lumotlarni mustaqil ravishda olishi zarurligi.

- va safar uchun zarur barcha hujjatlarni tayyorlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Mijoz (yo‘lovchi) o‘zi jo‘nab ketayotgan mamlakatning barcha talablari bilan, shu jumladan chiqib ketayotganda zarur bo‘ladigan hujjatlarni rasmiylashtirish, viza olish yoki bolalarni, jonivorlarni olib chiqib ketish uchun boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish, qurol, badiiy qiymatga ega ashyolarni olib chiqish uchun ruxsatnomalarni va boshqa ruxsatnomalarni hamda kelishuvlarni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan talablar bilan tanishishi va ularni bajarishi shart. Yo‘lovchining ushbu talablarni bilmasligi yoki ularga rioya etmaganligi uchun Tashuvchi javobgar bo‘lmaydi.

7.4. Taraflar vbartaraf etib bo‘lmas kuchlar (fors-major vaziyatlar) yuz berganda ushbu Kelishuv bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgarlikdan ozod etiladi.

7.5. Ushbu Kelishuvda ko‘rsatilgan vaziyatlar yuz berganda (va tugaganda), vujudga kelgan vaziyat tufayli o‘zining Kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini bajara olmaydigan Taraf boshqa Tarafni ushbu vaziyatning boshlanganligi va tugaganligi to‘g‘risida xabardor qilishi shart. Ko‘rsatilgan holatlar to‘g‘risida xabar bermaslik yoki o‘z vaqtida xabardor qilmaslik tegishli Tarafni ushbu ko‘rsatilgan holatlarni sabab qilib ko‘rsatish huquqidan mahrum etadi va ushbu Kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod etilmaslikka olib keladi.

7.6. Ko‘rsatib o‘tilgan vaziyatlar yuzaga kelganda, tomonlar sud tartibida Kelishuvni bekor qilishni talab etishga haqlidirlar.

8. MAXFIYLIK.

8.1. Mijoz tomonidan ma’lumotlarning taqdim etilishi:

Saytda bronlash paytida Mijoz quyidagi ma’lumotlarni taqdim etadi:

- Shaxsiy ma’lumotlari;

- Bog‘lanish uchun telefon raqamlari;

- Elektron pochta manzili.

8.2. Saytda bronlash paytida o‘z shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etayotgan Mijoz ularni Tashuvchi tomonidan qayta ishlanishiga rozilik bildiradi.

8.3. Tashuvchi ma’lumotlardan quyidagi maqsadlarda foydalanadi:

- Mijoz oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarish uchun;

- sayt ishini baholash va tahlil qilish uchun.

8.4. Tashuvchi tomonidan olingan axborotlarning ma’lum qilinishi:

8.4.1. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga ko‘ra axborotlarni ma’lum qilish majburiyatlarni buzish hisoblanmaydi.

8.4.2. Mijoz tomonidan saytda hammabop shaklda taqdim etilgan ma’lumotlar uchun Tashuvchi javobgar bo‘lmaydi.

9. FORS-MAJOR HOLATLAR.

9.1. Kelishuv tuzilganidan keyin Taraflar sodir bo‘lishini kutmagan hamda oldini olish mumkin bo‘lmagan favqulodda vaziyatlar oqibatida vujudga kelgan bartaraf etib bo‘lmaydigan kuch tufayli o‘zining Kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini bajara olmaganliklari tufayli ushbu Kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini qisman yoki to‘la bajarmaganliklari uchun javobgarlikdan ozod etiladilar. Bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlarga toshqin, yong‘in, zilzila, davlat organlarining hatti-harakatlari yoki harakatsizligi (shu jumladan valyuta operatsiyalariga cheklovlar kiritilishi), epidemiyalar va boshqa tabiat hodisalari, urush yoki urush harakatlari va h.k.lar kiradi.

9.2. Ushbu Kelishuvning 9.1-bandida bayon etilgan vaziyatlar yuzaga kelganda har bir Taraf ikkinchi Tarafni 5 (besh) kalendar kuni ichida bu haqda yozma ravishda xabardor qilishi shart. Bartaraf etib bo‘lmaydigan kuch tufayli favqulodda vaziyat yuzaga kelganligini sabab qilib ko‘rsatgan taraf boshqa Tarafga davlat vakolatli organlarining bu vaziyatlar mavjudligini tasdiqlaydigan va imkoniyatga qarab bu vaziyatlarning Taraflarning ushbu Kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini bajarish imkoniyatiga ko‘rsatadigan ta’siriga baho beradigan rasmiy hujjatlarini kechiktirmasdan taqdim etishi kerak.

9.3. Fors-major holatlar to‘g‘risida xabar bermaslik yoki o‘z vaqtida xabardor qilmaslik (9.2-bandga muvofiq) tegishli Tarafni ushbu ko‘rsatilgan holatlar sababli Kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini qisman yoki to‘la bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod bo‘lish huquqidan mahrum qiladi.

9.4. Kelishuvning 9.1-bandida sanab o‘tilgan vaziyatlar va ularning oqibatlari ketma-ket 2 (ikki) oydan ortiq vaqt davom etadigan bo‘lsa, Taraflar Kelishuvni bajarishning ikki Tarafga ham maqbul bo‘ladigan muqobil usullarini aniqlash uchun qo‘shimcha muzokaralar olib boradilar.

9.5. Agar fors-major vaziyatlar 6 (olti) ketma-ket oydan ortiq vaqt davom etsa, Taraflardan har biri ushbu Kelishuvning bajarilmagan qismi bo‘yicha Kelishuvni bekor qilish huquqiga ega. Bunda Taraflarning hech biri boshqa Taraf oldida Kelishuvni ushbu bandga muvofiq bekor qilinganligi natijasida hech qanday javobgarlikka ega bo‘lmaydi.

10. TARTIBGA SOLUVCHI ASOSLAR VA KELISHMOVCHILIKLARNI HAL QILISH

10.1. Ushbu Kelishuvdan kelib chiqadigan barcha kelishmovchiliklar va bahslar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq hal qilinishi kerak.

10.2. Taraflar o‘rtasida yuzaga keladigan, ushbu Kelishuvning bajarilishi, o‘zgartirilishi yoki to‘xtatilishi bilan bog‘liq barcha kelishmovchiliklar muzokaralar olib borish orqali tartibga solinishi lozim. Agar muzokaralar olib borish orqali kelishmovchiliklar tartibga solinmasa, bahs Toshkent shahar Xo‘jalik sudida O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi talablariga muvofiq hal qilinadi.

10.3. Sud qarori har ikkala tomon uchun ham qat’iy va majburiy hisoblanadi.

10.4. Sud tomonidan ushbu Kelishuvning biror-bir qoidasi haqiqiy emas deb tan olinishi boshqa qoidalarning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.

11. BOSHQA SHARTLAR.

11.1. Mijoz Tashuvchining ommaviy ofertasini qabul qilish/ akseptlash orqali e’tirozlarsiz uning shartlariga rozilik beradi va Buyurtmaning to‘liq hajmda, shu jumladan barcha soliqlar va yig‘imlarning to‘lanishini kafolatlaydi.

11.2. Taraflar ushbu ommaviy oferta bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganliklari yoki lozim darajada bajarmaganliklari uchun ushbu ommaviy oferta va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilab berilgan tartibda va shartlarda javobgarlikka ega bo‘ladilar.

11.3. Mijozning aloqa tizimi, asbob-uskunalarining nosozligi va h.k.lar tufayli uning Buyurtmani rasmiylashtira olmasligi uchun Tashuvchi javobgarlikka ega bo‘lmaydi.

11.4. Yuz berishi mumkin bo‘lgan va Tashuvchining vakolatiga kirmaydigan qoidabuzarliklar va hatti-harakatlar uchun, ya'ni aynan uchinchi tomonlarning qoidabuzarliklari va hatti-harakatlar uchun Tashuvchi javobgarlikka ega bo‘lmaydi.

11.5. Mijoz ko‘rsatiladigan xizmat va tashuvlarda foydalanish uchun zarur barcha hujjatlarning haqiqiyligi uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Mijoz o‘zi jo‘nab ketadigan mamlakatga kirish va chiqib ketishda, shuningdek transfer tashuvning butun yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanishda zarur bo‘ladigan hujjatlarni rasmiylashtirishga taalluqli barcha talablar, vizalar, haqiqiy pasportlar, ishonchnomalar yoki boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishning zarurligi va shartlari bilan tanishishi va ularni bajarishi kerak. Mijozning ko‘rsatilgan talablarni bilmasligi yoki ularga rioya etmaganligi uchun Tashuvchi javobgarlikka ega bo‘lmaydi.